• Page 1 of 1
  • 1
Archive - read only
Forum moderator: MASTER, DURDON, SAKINA  
Bemor parvarishi
DURDONDate: Juma, 01-Fev-2013, 20:23 | Message # 1
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:


Bemorni parvarish qilish – bemorga qarash salomatlikni tiklashda katta ahamiyatga ega (ko’pincha “parvarish bilan bemorni oyoqqa turg’izishdi” deyiladi). Har bir kasallik o’ziga xos parvarishni talab etadi. Biroq har qanday kasallik bilan og’rigan bemorni parvarish qilishda bajarilishi zarur bo’lgan umumiy qoidalar ham borki, quyida biz shular haqida so'z yuritamiz.

Bemor, ozoda, imkoni boricha yorug’, havosi iliq xonada yotishi kerak. Xonani har kuni (kuniga ikki martta: ertalab va kechqurun uyqu oldidan) ho’l latta bilan artib turish lozim. Shuningdek, xona havosini hamisha yangilab turish kerak, qish paytida 10-15 minutdan kuniga 3-4 mahal shamollatib turish, yozda esa derazalarni ochib qo’yish tavsiya etiladi. Qishda xona shamollatilayotganida bemorni ko’rpa bilan issiq qilib o’rash, boshiga sochiq yopib, yuzini ochiq qoldirish kerak. Lekin bemorga havo tegib nafas yo’llarini ta’sirlantiradigan hollar bundan istisno. Xona temperaturasi doim bir xil (18-20 gradus) turishi shart.

Bemorning shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilishiga ham alohida e’tibor berish zarur: u har kuni ertalab va kechqurun yuz-qo’lini yuvishi, kuniga ikki mahal tishlarini tozlashi, ovqatdan keyin har safar og’iz chayqashi, imkoniyat bo’lsa, haftasiga bir marta vannaga tushib yuvinishi kerak. Turmaydigan be’morlarni esa har kuni yuvintirib qo’yiladi. Og’ir yotgan bemorlarning yuz- qo’llarini kuniga qaynagan yoki yuvinishga ishlatiladigan suvga ho’llangan paxta bilan artish, ko’z qovoqlarini tomizg’ich va paxta yordamida borat kislotaning 2 %li iliq eritmasi bilan yuvib turish zarur. Shuningdek, bunday bemorlarning og’iz bo’shlig’i: tili, milklari va tishlarini 2 %li borat kislota, kaliy permanganatning och pushti eritmasi (margansovka) ga ho’llangan paxta bilan tozalab, keyin 1 %li bura eritmasiga (unga 10 %li glitserin eritmasi ham qo’shiladi) ho’llangan doka, salfetka bilan artiladi. Bo’yni, ko’kragi va qo’ltig’ini har kuni iliq suvga ho’llangan sochiq bilan ishqalab, keyin quruq qilib artish, sochlarini ham har kuni tarash zarur. Og’ir yotgan va infeksion kasalliklar bilan og’rigan bemorlar sochini olib tashlash ma’qul. Bemorning ichi kelib qovug’ini bo’shatgach, har safar ostini qaynagan iliq suv bilan yuvib qo’yish shart.

Bemorning yostiq jildlari va choyshab hamda ichki kiyimlarini kam deganda haftasiga bir marta almashtirish lozim, u terlasa yoki ich kiyimlarini bulg’atib qo’ysa, kiyim va choyshablarini shu zahoti almashtirish zarur. Og’ir yotgan bemorlarning choyshabini almashtirish uchun alohida usullar qo’llashga tog’ri keladi. Bunda bemorni avaylab o’rin chetiga suriladi, choyshabning bo’shagan qismini uning badaniga taqalguncha bint kabi dumaloqlab o’rab borish va o’rniga toza choyshab yozib, ustiga bemorni yotqizish kerak. Choyshab bemor oyoqlardan boshiga tomon (agar unga qimirlash ham taqiqlangan bo’lsa) o’rab boriladi. Avval choyshabning oyoq tomonidagi uchini beligacha o’rab kelib, tozasini yozib boriladi, so’ngra choyshabni tananing yuqori qismi tagidan chiqarib olib tozasi bilan almashtiriladi. Choyshab almashtirilgach, buklib qolgan joylarini yaxshilab tekislash (bemor qimirlaganida bukilib qolmasligi uchun choyshabni to’shakka tog’nag’ichlab qo’ysa ham bo’ladi) lozim. Miokard infarkti va insult bo’lgan bemorlarning choyshab va kiyimlari ayniqsa ehtiyotkorlik bilan almashtiriladi. Og’ir yotgan bemorlarning ko’ylagini almashtirish uchun orqasidan tagiga qo’l solib, ko’ylagini ensasigacha ko’tariladi, keyin galma-galdan yenglari yechib olinadi. Agar bemorning bir qo’li shikastlangan bo’lsa, avval sog’lom qo’lini yengidan chiqariladi (miokard infarktida esa avval o’ng qo’l yengdan chiqariladi). Toza ko’ylakni esa kasal qo’ldan kiygizila boshlab, so’nga boshdan o’tkaziladi va orqadan dumg’azgacha tushirilib, burmalari yaxshilab to’grilanadi. Qimirlash mumkin bo’lmagan bemorlarga raspashonka-ko’ylak kiygizish tavsiya etiladi.

Qimirlamay yotish buyurilgan bemorlarga maxsus tuvak tutiladim uni issiq suv bilan yuvib turish va dezinfeksiyalash kerak. Tuvakni dumba tagiga keltirib qo’yib, erkin qo’lini dumg’aza tagidan kiritib, bemorni bir oz ko’tariladi. Tuvakni olgach, uni qaynoq suv bilan yaxshilab yuvib, 3 %li lizol yoki xloramin eritmasi bilan dezinfeksiyalanadi. Agar bunday vositalar bo’lmasa, kaliy permanganatning kuchli eritmasidan foydalanish mumkin. Bemorga siydikdonni toza yuvib, iliq holda tutiladi. Bemor har safar qovug’ini bo’shatganidan so’ng siydikdon kaliy permanganat va soda eritmasi bilan (1 stakan suvga 1 choyqoshiq) chayiladi.

Bemor ruhan va psixik jihatdan tinch yotishi zarur. Shuning uchun uning uyqusi yaxshi – yomonligini, es-hushi, kayfiyati qandayligi, bezovtaligi yoki tinchligi, asabiylashayotgani yoki bo’shashib, behol yotishi va hokazolarni kuzatib borish kerak. Osoyishtalikni zarur sharti tinchlikdir. Bemor bilan uni hayajonlantiruvchi, bezovta qiluvchi, kayfiyatini buzadigan mavzularda gaplashish yaramaydi. Agar uni ko’ngli ezilgan, kayfiyati yomon bo’lsa, ruhini ko’tarib, unda sog’ayishiga umid uyg’otishiga harakat qilish kerak. Bemor kasali og’ir va bedavo bo’lsa, o’ziga bildirmay hayotining so’nggi daqiqalarigacha uni tetiklantirib turish lozim.

Bemor ovqati xilma-xil va bekam-ko’st, ya’ni asosiy oziq moddalari va yetarli miqdorda vitaminlarga ega bo’lishi kerak. Uni hamisha ma’lum bir vaqtlarda kuniga 4 mahal, ba’zan undan ham tez-tez ovqatlantirib turish o’rinli. Ovqatning xili va suyuqlik miqdorini vrach belgilaydi. Darmonsizlangan bemorlarga ichimliklar maxsus idish yoki kichikroq choynakdan ichirib turiladi. Turmaydigan bemorlarning ovqatlanishi uchun to’shagiga skameykaga o’xshash stolcha qilib beriladi. Bunday stolcha bo’lmasa, bemor o’rniga sochiq yoki kichikroq choyshab yozish va uni qoshiq bilan ovqatlantirib qo’yish tavsiya etiladi.




 
  • Page 1 of 1
  • 1
Search: