• Page 1 of 1
  • 1
Archive - read only
Forum moderator: MASTER, DURDON, SAKINA  
Qandli diabet
DURDONDate: Juma, 14-Sen-2012, 16:07 | Message # 1
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Umumiy vrachlik amaliyotida qandli diabet
Qandli diabet (QD) - qonda qand miqdorining oshishi bilan ifodalanuvchi kasallik bo'lib, unda turli tizim va a'zolarni tomirlari zararlanadi, birinchi navbatda ko'z, buyrak, yurak, bosh miya.
Quyidagi turlari farqlanadi: insulinga bog'liq turi QD-1 - insulinni mutloq yetishmovchiligi va insulinga bog'liq bo'lmagan turi QD-2 - ushbu turda insulinni nisbiy yetishmovchiligi kuzatiladi.
QD aholining 8% da tarqalgan. QD-1 odatda 20 yoshgacha rivojlanadi (lekin turli yoshda aniqlanishi mumkin); uning tarqalishi 0,3%. QD-2 90% xollarda, ko'proq 40 yoshdan yuqori kattalarda tashxislanadi.

Xavf omillari: semizlik, kamharakatlik, naslliy moyillik, o'tkazilgan virusli kasalliklar (shu jumladan QD-1 uchun ham)

Tashhislash mezonlari

QD ning doimiy belgilari - chanqash, poliuriya, ishtahaning oshishi, ozib ketish;
Qonda glyukoza miqdori och qoringa 7 mmol/l dan ko'p, ovqatdan 2 soatdan so'ng - 11 mmol/l dan ko'p;
agar bemor qonida qand miqdori och qoringa 7 mmol/l dan ko'p bo'lsa, 75 mg glyukoza qabul qilgandan 2 soatdan keyin esa - 7,8-11 mmol/l ni tashkil etsa, ushbu holat glyukozaga tolerantlikni buzilishi deb ataladi. Bunday bemorlarni xavf guruhiga kiritib, parhezga rioya qilish, sport bilan shug'ullanish, tana vaznini kamaytirish (ortiqcha vazn yoki semizlik bo'lsa), har yili qondagi qand miqdorini tekshirib turish tavsiya etiladi;
agar qonda qand miqdori och qoringa 6-6,9 mmol/l bo'lsa, ovqatdan keyin esa - 7,8-11 mmol/l ni tashkil etsa, bemorni xavf guruhiga kiritib, parhezga rioya qilish, sport bilan shug'ullanish, har 3 yilda qondagi qand miqdorini tekshirib turish tavsiya etiladi.
Skrining 45 yoshdan kattalarning hammasiga har 3 yilda o'tkaziladi: qondagi qand miqdori och qoringa tekshiriladi, agar 7 mmol/l dan yuqori bo'lsa, ovqatdan 2 soatdan keyin yana tekshirish tavsiya etiladi.
Quyidagi xavf guruhiga kiruvchi bemorlar qonida qand miqdori har yili tekshiriladi: semizlik, nasliy moyillik, homiladorlik diabetini o'tkazganlar, glyukozaga tolerantlikni buzilishini aniqlanganda va chegaraviy giperglikemiyali bemorlar.

Anamnez
Giperglikemiyali bemorlar uzoq vaqt davomida hech qanday shikoyat qilmasligi, ba'zan kasallik asoratlari yuzaga kelganda tashxislanishi mumkin, shu sababli UAV, ayniqsa xavf guruhiga kiruvchilarni chuqur so'rab-surishtirishi lozim.
Erta belgilari - tez charchash, lekin bemorlar bunga e'tibor qilmaydilar, shuning uchun vrach albatta shu belgiga e'tibor berishi kerak. Tez-tez siyishni bemorlar ko'p chanqash bilan bog'laydilar, shu sababli tungi hojatga chiqishlarni, og'iz qurishi fonida nikturiya borligini aniqlash kerak.
Birinchi marta QD aniqlangan bemorning anamnezida quyidagilarga e'tibor berish lozim:

- tana vazni o'zgarishlari, ovqatlanish rejimi, ratsion;
- jismoniy faollik va sport bilan shug'ullanish;
- turmush tarzi va ruhiy-ijtimoiy omillar;
- o'tkazilgan infektsiyalar;
- surunkali kasalliklar;
- qabul qilingan dori vositalari;
- yurak-qon tomir kasalliklarining xavf omillari;
- qarindoshlarida QD mavjudligi;
- ayollarda - akusherlik anamnez.
QD bor bemorlarda qo'shimcha aniqlanadi:
- parhezga rioya qilish;
- dori vositalarni qabul qilish;
- qonda qand miqdorining ilgarigi ko'rsatkichlari;
- infektsiya rivojlanishi;
- asoratlar belgilari;
- o'tkir asoratlar rivojlanishi - koma holatlari.

Bemorni sinchkovlik bilan fizikal ko'ruvi o'tkaziladi:

bo'yi, vazni va TVI o'lchash;
AQB;
ko'z tubini ko'rish;
yurak, o'pka, qorinni (jigar) tekshirish;
periferik arteriyalarda pulsni tekshirish;
oyoq kafti holati;
teri holati;
qo'l va oyoqlarda sezuvchanlikni aniqlash.
Laborator-asbobiy tekshiruv QD kompensatsiyasi darajasini va asoratlarini aniqlash maqsadida o'tkaziladi. UAV quyidagi tekshiruvni o'tkaza oladi:
- qonda qand miqdorini aniqlash; siydik umumiy tahlili; EKG; ko'z o'tkirligini baholash; postprandial glikemiya sinovi; qonda xolesterin miqdori; jigar faoliyatini baholash (qand miqdorini kamaytirish davosini tanlash uchun).

Davolash
Buyuk Britaniya va Yaponiyada o'tkazilgan tekshiruvlar giperglikemiya darajasi asoratlar rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatishini isbotlab berdi. Shu sababli davolashning asosiy maqsadi - qondagi qand miqdorini och qoringa 7 mmol/l dan pasaytirish, AQB va qondagi xolesterin miqdorini me'yorda tutishdir.

Parhez
QD davolashning asosiy qismi qondagi qand miqdori, xolesterin miqdorini va AQBni me'yorda tutishga qaratilgan.
Parhez tavsiya etishda bemor qanday qand miqdorini pasaytiruvchi davo olayotganini bilish kerak. Insulin qabul qilayotgan bemorlar kuniga 5-6 marta ovqatlanishi - 3 marta ovqat yeyish va ular orasida 2-3 marta ozginadan tamaddi qilishlari lozim. Peroral qand miqdorini pasaytiruvchi preparatlar qabul qilayotgan bemor ovqat qabul qilishni kuniga 3-4 martagacha kamaytirishi mumkin. Bemorlar o'zlari uchun odatiy bo'lgan ovqatni yeyishi shart. Semizlikda ovqatning kaloriyasi kamaytiriladi. Kletchatkani ko'proq, uglevodlar va tuzni esa kamroq iste'mol qilinadi. Ovqatlanish ratsionidan shakar, shirinliklar chiqarilib, ularni o'rniga saxarin, aspartam kabilardan foydalanish mumkin.
Jismoniy mashqlar
Doimiy jismoniy mashqlar bajarish insulinga rezistentlikni pasaytiradi, yurak-qon tomir tizimini chiniqtiradi, AQBni pasaytiradi va lipidlar almashinuvini yaxshilaydi. Jismoniy faollikka ko'rsatmalar va qarshi ko'rsatmalarni aniqlashda, QD asoratlari va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari ham inobatga olinadi.



 
DURDONDate: Juma, 14-Sen-2012, 16:12 | Message # 2
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Dori vositalari bilan davolash
Insulinoterapiya
QD-1 chalingan bemorlar insulin qabul qiladi. Insulinni, uning turini, dozasini endokrinolog aniqlaydi. UAV bemorga uning kun tartibi, ovqat qabul qilish vaqti va o'z-o'zini nazorat qilishini tushuntiradi. Bemorga qondagi qand miqdorini uy sharoitida glyukozometr yordamida o'lchash va har oyda 1 marta QVPda tekshirishni o'rgatiladi. Qisqa, o'rtacha va uzoq vaqt ta'sir etuvchi preparatlar mavjud. Odatda insulinning qismli-aralash kombinatsiyalari qo'llaniladi.
Qonda qand miqdorini pasaytiruvchi peroral vositalar

Insulin sekretsiyasini ko'paytiruvchi sulfonilmochevina preparatlari - insulin ishlab chiqaruvchi beta-hujayralar ishini yaxshilaydi. Uzoq ta'sir etuvchi zamonaviy preparatlar - glipizid, glimepiridni kuniga 1 marta ichish buyuriladi. Meglitinidlar (repaglinid va nateglinid) qisqa ta'sir etish xususiyatiga ega bo'lganligi uchun, faqat ovqatdan oldin qabul qilinadi. Asosiy nojo'ya ta'siri - preparatni qabul qilgandan so'ng glipoglikemiya bo'lishi, tana vaznining oshishi, boshqa dori vositalari bilan o'zaro ta'sir qilishidir.
Biguanidlar - jigar va mushak hujayralariga ta'sir etuvchi va glyukozani utilizatsiya qiluvchi preparatlar. Semizlarda metformin qo'llash maqsadga muvofiqdir, chunki bu vosita ishtahani pasaytiradi. Nojo'ya ta'sirlarini kamaytirish uchun davolashni kichik dozalardan boshlab, sekin-asta ko'paytirib boriladi. Biguanidlar monoterapiya shaklida buyuriladi. Metformin bemor uchun nisbatan xavfsiz bo'lib, tana vazni oshishiga olib kelmaydi. Lеkin u to'qimalar gipoksiyasi bilan kechuvchi surunkali kasalliklar va 65-70 yoshdan kattalarda qo'llanilmasligini esdan chiqarmaslik lozim.
Alfa-glyukozidaza ingibitorlari - akaraboza, miglitol - uglevodlar parchalanishi va glyukozaning so'rilishini kamaytiruvchi preparatlardir. Bu preparatlar monoterapiya shaklida buyuriladi yoki ular yordamida boshqa qand miqdorini kamaytiruvchi vositalar ta'siri kuchaytiriladi. Nojo'ya ta'sirlarini (meteorizm, diareya, ko'ngil aynish va qorinda noxush hislar) kamaytirish uchun davolashni kichik dozalardan boshlash lozim. Bemor uchun nisbatan xavfsiz bo'lib, tana vazni oshishiga olib kelmaydi.
Tiazolidindion (roziglitazon, pioglitazon) preparatlari hujayralarning insulinga sezgirligini oshirib, semizlik, glyukozaga tolerantlikni buzilishida samaralidir. Nojo'ya ta'sirlari: juda kam hollarda jigar zararlanishi, tana vazni va xolesterin miqdorining oshishi. Bir oyda bir marta tavsiya etiladi, samarasi 10-12 haftadan keyin ko'rinadi; ularni buyrak yetishmovchiligida ham qo'llash mumkin.
Qandli diabetning o'tkir asoratlari

Diabetik ketoatsidoz QDli bemorlarning 2-5% da rivojlanadi, insulinning nisbiy yoki mutloq yetishmovchiligi natijasida, 1-10% hollarda o'lim bilan tugaydi; Qonda glyukoza miqdori 14 mmol/l dan yuqori bo'ladi.
Asosiy belgilari: ko'ngil aynishi va qayt qilish; chanqov va poliuriya; ishtaha pasayishi; qorinda og'riq; ko'z o'tkirligining pasayishi; uyquchanlik.
Fizikal tekshiruv: taxikardiya; arterial gipotoniya; suvsizlanish; giperventilyatsiya yoki Kussmaul nafasi; hushning buzilishi (koma); ozib ketish, og'izdan shirin hid kelishi.
Ketoatsidozning sababchisi yondosh kasallik bo'lishi mumkin (infektsiya, infarkt, insult, jarohatlar, insulin qabul qilishni to'xtatish). Ketoatsidoz belgilarida bemor reanimatsiya bo'limiga yotqiziladi. UAV amaliyotida QDli bemorlarda turli darajadagi og'ir gipoglikemiya holatidan to gipoglikemik komagacha kuzatilishi mumkin.
Sabablari: vaqtida ovqatlanmaslik, jismoniy zo'riqish yoki insulin miqdorini oshirib yuborish.
Asosiy belgilar:

adrenergik (asab qo'zg'alishi, qaltirash, ko'p terlash, taxikardiya);
nevrologik (tirishishlar, sopor, koma, o'choqli buzilishlar);

Adrenergik belgilar odatda og'ir gipoglikemiyadan darak beruvchi nevrologik belgilardan oldin bo'ladi.
Tashhisni tasdiqlash uchun qonda glyukoza miqdorini aniqlash maqsadga muvofiqdir.
Gipoglikemiya xurujini davolash hushning buzilish darajasi, qondagi glyukoza miqdori va yaqin kelajakda qanday kechishiga bog'liq. Sulfonilmochevina preparatlarining miqdori oshib ketgan bo'lsa, uzoq vaqt nazorat tavsiya etiladi. Davolashning samarasi xaqida qaytadan gipoglikemiya holati bo'lishi xavfi yo'qolmaguncha har 15-30 daqiqada qondagi glyukoza miqdorini aniqlab turiladi. Agar bemor hushida bo'lsa va gipoglikemiya sababi aniq bo'lsa, uglevod qabul qilish bilan cheklanish mumkin. Shirin ichimliklar ko'pincha giperglikemiyaga olib keladi, shuning uchun bir stakan shakarsiz sharbat ichish, bir necha bo'lak apelsin yoki pishloqli buterbrod yeyish tavsiya etiladi.
T/i glyukoza quyidagi hollarda yuboriladi: bemor behush yoki ovqat yeya olmasa, gipoglikemiya holatining sababi dori vositalarining miqdori oshib ketganligi va uzoq vaqt davom etishi taxmin qilinganda. T/i 25-50 ml 50% glyukoza quyilib, keyin esa qondagi glyukoza miqdorini 100 mg% dan yuqori darajada ushlab turish uchun 5-10% aralashmasi tomchilab yuboriladi. Og'ir gipoglikemiyada, bemor ovqat yeya olmasa, glyukozani t/i ga yuborishning ilojisi bo'lmasa, glyukagon 1 mg m/o yoki t/o yuboriladi. Glyukagon ta'sirida bemor qayt qilishi mumkin, shuning uchun oshqozon ichi massasi bilan aspiratsiyalanishdan ehtiyot bo'lish kerak. Og'ir gipoglikemiya xurujlari bo'lib turadigan bemorlar doimo o'zlari bilan glyukagon olib yurishlari kerak; oila a'zolari uni qaysi holatda va qanday ishlatishni bilishlari shart.
Gipoglikemiya xurujlari og'ir va tez-tez qaytalansa, bemorni davolash rejasini o'zgartirish lozim.

Gipoglikemiyaning oldini olish. Bemor sulfonilmochevina preparatlarini qabul qilayotgan bo'lsa, dozasi kamaytiriladi. Bemor insulin olayotgan bo'lsa, vrach taktikasi xurujlarning og'irligi va doimiyligiga bog'liq. Agar xurujlar doimo bir vaqtda bo'lsa, in'ektsiyaning vaqtini o'zgartirish yetarli bo'ladi; agar og'ir va uzoq vaqt davom etuvchi xurujlar turli vaqtda paydo bo'lsa, insulinning kunlik dozasi kamaytiriladi. Gipoglikemiya bilan kurashishning boshqa usuli - ovqat ratsionining quvvatini oshirish, ovqatni tez-tez qabul qilish, jismoniy zo'riqishni cheklashdir.

Somodji sindromi - postgipoglikemik giperglikemiya, insulin miqdori oshib ketishida rivojlanadi. Ushbu sindrom gumon qilinganda insulin miqdori (ko'proq kechqurungi dozasi) kamaytiriladi.

Giperosmolyar koma QDli bemorlarda metabolik jarayonning og'ir buzilishi bo'lib, qonda glyukoza miqdorining 33 mmol/l gacha oshishi va to'qimalarning kuchli suvsizlanishi bilan ifodalanadi. Bunday holatda bemor reanimatsiya bo'limiga yotqiziladi, regidratatsiya va elektrolitlar almashinuvining korrektsiyasi o'tqaziladi.

Qandli diabetning surunkali asoratlari

Diabetik retinopatiya QDli bemorlarning 5% da kasallik boshlangandan 15 yildan so'ng rivojlanadi. Uning rivojlanishida qonda glyukoza miqdorining 7 mmol/l dan yuqori bo'lishi imkon tug'diradi. UAVning vazifasiga diabetik retinopatiyani profilaktikasi, erta aniqlash va davolash kiradi. Buning uchun qonda glyukoza miqdori 7 mmol/l dan kam va AQB 130/80 mm sim. ust. dan past bo'lishini ta'minlash lozim. QDli bemorlarning 22% da katarakta va 7% glaukoma uchraydi. Shuning uchun yiliga kamida bir marta, zarur hollarda - ko'proq, ko'z tubini tekshirib turish lozim.



 
DURDONDate: Juma, 14-Sen-2012, 16:13 | Message # 3
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Diabetik nefropatiya QDli bemorlarning 20-30% da uchraydi.
Asosiy xavf omillari: giperglikemiya va AG, kasallikning uzoq davom etishi, oilasida nefropatiya borligi, erkak jinsi, chekish.
Nefropatiyaning erta belgisi - mikroalbuminuriya, to'g'ri davolanmasa, 5-8 yildan so'ng makroalbuminuriyaga, 18 yildan so'ng esa, surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichiga o'tadi.
Diabetik nefropatiyani davolash 4 bosqichdan iborat.

Qonda glyukoza miqdorini, ayniqsa kasallikning erta bosqichlarida me'yorda tutib turish.
Gipotenziv terapiya - AQB darajasini me'yorda ushlab turish kasallikning rivojlanishi va buyraklar funktsiyasi buzilishini sekinlashtiradi.
AAFI qabul qilish: ular AQBni pasaytiradi, koptokchalar arteriolalarini kengaytiradi, mikroalbuminuriyani kamaytiradi; nefropatiyada samarali hisoblanadi.
Ifodalangan nefropatiyada kam oqsilli parhez.
Nefropatiya kuchayganda bemorlarning insulinga talabi kamayib ketishini yodda tutish kerak. Shu sababli ko'pincha gipoglikemik holatlar rivojlanadi, bu esa insulin miqdorini kamaytirishni talab qiladi.
UAV nefropatiyani erta aniqlashi va bu asoratni kechiktirmay davolash maqsadida yiliga 2 marta bemor siydigidagi oqsil miqdorini, har oyda AQBni va qonda glyukoza miqdorini tekshirib turishi lozim.
Diabetik neyropatiya - QDli bemorlarning eng ko'p uchraydigan shikoyatlari - polineyropatiya oqibatida paydo bo'luvchi, oyoqlardagi og'riqlar. Uni tashxislash uchun nevrologik tekshiruv o'tkazilib, sezishning pasayishi va axillov refleksining yo'qolishi aniqlanadi. Bu hollarda UAV bemorlarga oyoqlarni parvarishlash usullari (oyoq gigienasi, paxtadan to'qilgan paypoqlar va qulay, yumshoq poyafzal kiyish) xaqida ma'lumot berishlari lozim. Qondagi glyukoza miqdorining pasayishi neyropatiyani rivojlanishini susaytiradi. Boshqa belgi - bemorning yuzi, bo'yni, tanasining ovqat qabul qilish vaqtida terlashi va oyoqlar terisining quruqligidir, bu esa oyoq kaftining yorilishi, uning infektsiyalanishi va yaralar paydo bo'lishiga olib keladi.

Makroangiopatiya - bu toj, bosh miya va periferik qon tomirlarning zararlanishi. Bunday holat QDning har ikkala turidagi qon tomirlar asoratlanishining asosini tashkil etadi va kasallikning oqibatini yomonlashtiradi. QDli bemorlarda o'limning asosiy sababchisi yurak-qon tomir kasalliklaridir.
Profilaktika: dalillarga asoslangan tibbiyotga ko'ra, aspirin qabul qilish bu bemorlarda miokard infarkti va insult rivojlanishi xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Qandli diabet va YuIK. QD bemorlarning 35%i 30-55 yoshlarda YuIKdan hayotdan ko'z yumadilar, umumiy aholi orasida esa YuIK shu yoshdagi 8% erkaklar va 4% ayollarning o'limiga sababchi bo'lishi mumkin.
QDli bemorlarda YuIKning klinik xususiyatlari.

Ko'pincha " to'satdan o'lim " xavfiga olib keluvchi YuIK va miokard infarktining og'riqsiz shakllari bo'lishi;
infarktdan keyingi asoratlarning: kardiogen shok, o'tkir yurak yetishmovchiligi va yurak ritmi buzilishining xavfi.
YuIK klinik belgilari aniqlanmasa:
- YuIK rivojlanishining bir yoki bir necha xavfi (AG, semizlik, giperlipidemiya, chekish, kam harakatlik, nasliy moyillik) bo'lgan bemorlarni faol aniqlash;
- YuIK uchun xos bo'lmagan belgilariga e'tiborni qaratish (noaniq diskomfort, jismoniy harakat yoki sovuqda hansirash va taxikardiya).


 
  • Page 1 of 1
  • 1
Search: