• Page 1 of 1
  • 1
Forum moderator: DURDON, SAKINA  
Hammani yig`latgan azon
shaddotDate: Dushanba, 11-Yan-2010, 22:32 | Message # 1
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:


Hazrati Umar (r.a.) Hazrati Abu Bakrni (r.a.) eslaganida shunday der edi: “Abu Bakr sayyidimiz va sayyidimizni ozod qilgan kishidir”. Bunda u Bilol Habashiyni (r.a.) nazarda tutgan. Hazrati Umar (r.a.) “sayyidimiz” deb atagan bu kishi ulug‘ va aziz insonlardan edi...
Ammo qop-qora, ozg‘in, bo‘ydor, quyuq sochli va tuksiz yuzli bu kishi bunday maqtovlarni bosh egib va ko‘zlarini yumgan ko‘yi tinglar va shunday der edi: “Asli men habashiyman, kechagina qul bo‘lganman!”
Kechagina qul bo‘lgan bu habashiy asli kim edi?
U Islom muazzini va but-sanamlarni bezovta etuvchi Bilol ibn Raboh (r.a.) edi. U imon va rostlik mo‘’jizalaridan biri edi. U buyuk Islomning yorqin siymolaridan edi.
Qur’on nozil bo‘la boshlaganidan to bugungacha har o‘n musulmondan kamida yetti nafari Hazrati Bilolni biladi. Ya’ni, zamonlaru avlodlar osha yuzmilyonlab insonlar uni taniydilar. Siz hali boshlang‘ich ta’lim bosqichlaridan hatlamagan bolakaydan ham, yer yuzining istalgan burchagida yashayotgan musulmon farzandlaridan ham: “Bilol kim, ey bolam?” deb so‘rasangiz, u hech ikkilanmay: “Bilol Rasulullohning (s.a.v.) muazzinlari, xojasi dindan qaytarish uchun ustiga og‘ir xarsang qo‘yib azoblaganida ham “Ahad, Ahad” (Alloh yakkadir) degan sahoba” deb javob qiladi.
Islom Hazrati Bilolga bergan bunday sharafni ko‘rib aytamizki, u Islom kelmasidan avval bir hovuch xurmo evaziga xojasining tuyalarini boqib yurgan qul edi. Agar Islom bo‘lmaganida uning peshonasidan o‘la-o‘lgunicha qullik tamg‘asi ketmas, bashar izdihomida oyoqosti bo‘lar, nomi yo‘qlik qa’rida benomu nishon unutilib ketar edi. Lekin rost imoni, inongan buyuk dini unga hayotda va tarixda Islom ulug‘lari va valiylari aro oliy maqom va yuksak rutba ato etdi!



 
shaddotDate: Dushanba, 11-Yan-2010, 22:32 | Message # 2
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Oliynasab, obro‘li, nufuzli va mol-dunyo sohibi bo‘lgan aksar odamlar habashiy qul Bilol kabi azizlik va martabani qo‘lga kirita olmagan. Tani qoraligi, hasab va nasabda nochorligi uni rostligi, imoni, pokizaligi, fidoyiligi erishtirgan yuksak maqomidan mahrum qilolmadi.

* * *
Umayya ibn Xalaf alam va g‘azabdan quturib, ko‘kragiga mushtlar va tinmay qichqirar edi:
— “Qanday falokat seni bizga yo‘liqtirdi, ey baxtiqora qul?! Lot va Uzzoga qasamki, seni qul va xoja munosabatlarida zarbulmasalga aylantirib yuboraman!
Bilol mo‘min imoni, valiy buyukligi bilan javob qilardi:
— “Ahad... Ahad!”
Hakamlikni bo‘yniga olgan yana bir kishi bu savdoga aralashib, shunday derdi:
— Ey Umayya, uni o‘z holiga qo‘y! Lotga qasamki, bundan keyin u seni qiynamaydi. Bilol bizdan, onasi joriyamiz bo‘lgan. Endi u ortiq o‘z Islomi bilan bizlarni Qurayshga gap-so‘z va masxara mavzui qilmaydi!
Bilol kazzob va makkor yuzlarga qaraydi va tabassum qilganida old tishlari tong yog‘dusiday yarqiraydi. Ularni dahshatdan qaltirashga majburlaydigan ajab sokinlik bilan:
— Ahad... Ahad..., — deydi.
Tong otadi, tush yaqinlashadi. Bilolni jazirama issiqqa yetaklashadi. U esa hamon sabrli, toqatli, matonatli, sabotli!
Uni azoblayotgan paytda Abu Bakr Siddiq ularning oldiga keladi va:
— Rabbim Alloh! degan kishini o‘ldirasizlarmi? — deya qichqiradi. So‘ng Umayyaga yuzlanib, deydi:
— Narxidan oshig‘iga sot-da, uni ozod qil!
Bu gap go‘yoki cho‘kayotgan Umayyaga najot qayi-g‘ini topganday ta’sir qildi. Abu Bakr ozodlik narxini so‘raganida ko‘ngli xush bo‘lib, sevindi. Chunki u qulni bo‘ysundira olishdan batamom umidini uzgan, bu takabbur xoja “qiynalib” ketgan edi. Buning ustiga, Umayya savdogar bo‘lib, qulni sotish uni o‘ldirishdan foydaliroq ekanini yaxshi bilardi.



 
shaddotDate: Dushanba, 11-Yan-2010, 22:33 | Message # 3
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Qulni Abu Bakrga sotishdi. U esa zudlik bilan Bilolni ozod qildi. U hur kishilar orasidan o‘rnini egalladi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) Bilolning qo‘ltig‘idan olib, erkinlik sari yetaklayotgan paytda Umayya unga:
– Ol uni, Lot va Uzzoga qasamki, agar uni bir dirhamga olaman deganingda ham sotib yuborgan bo‘lardim, — dedi.
Uning so‘zlarida umidsizlik alamiyu ko‘ngil sovish achchig‘i bor edi. Abu Bakr javob berishni ma’qul ko‘rmadi. Ayni choqda xojaning kinoyali so‘zlarida birodar bo‘lib qolgan bu aziz insonning izzat-nafsiga tegish, tahqirlash ohanglari ham bor edi. Shu bois Umayyaga javoban:
— Allohga qasamki, uni yuz dirhamga sotganingda ham, to‘lardim, — dedi.
U birodarining ozodlikka chiqqanini aytish uchun Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga yo‘l oldi. Bu voqea katta bayramga aylandi.
* * *
Rasululloh (s.a.v.) va musulmonlar Madinaga hijrat qilib, u yerda qaror topganlaridan keyin Payg‘ambar (s.a.v.) namoz uchun azonni mashru’ qildilar. Har kuni besh mahal namoz uchun kim azon aytadi? Ufq uzra kimning takbir va tahlillari yangraydi? Bu baxtli inson Bilol bo‘ldi! O‘n uch yil oldin azob-qiynoqlar tahdid qilgani va vujudini kuydirgani holda “Allohu Ahad... Ahad...” deya takrorlagan Bilol!
Rasulullohning (s.a.v.) Islom ilk muazzinini tanlashdagi ixtiyorlari Bilolda to‘xtadi. U qalblarni imonga, quloqlarni dahshatga to‘ldirgan kuchli, o‘tkir va g‘amgin ovozi bilan nido qilardi:
Allohu akbar, Allohu akbar!
Allohu akbar, Allohu akbar!
Ashhadu an la ilaha illalloh!
Ashhadu an la ilaha illalloh!
Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh!
Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh!
Hayya ‘alas-solat, hayya ‘alas-solat!
Hayya ‘alal-falah, hayya ‘alal-falah!
Allohu akbar, Allohu akbar,
La ilaha illalloh!



 
shaddotDate: Dushanba, 11-Yan-2010, 22:33 | Message # 4
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
* * *
Musulmonlar bilan Quraysh qo‘shini o‘rtasida ayovsiz jang boshlandi. Harb shiddatli, shaf- qatsiz va vahshiyona davom etardi. Musulmonlar birinchi bor kirishgan urush — Badr g‘azotida, Payg‘ambar (s.a.v.) shiori “Ahad... Ahad” bo‘lishini buyurgan ma’rakada Bilol ot o‘ynatib jang qilardi. Mana shu g‘azotda Quraysh eng qadrli odamlarini jangga tashlagan, qavmning barcha ashroflari urush maydoniga chiqqan edi.
Bilolga xoja bo‘lgan, uni vahshiylarcha azoblagan Umayya ibn Xalaf bu urushda qatnashmoqchi emasdi. Agar do‘sti Uqba ibn Abu Muoyt uning qo‘rqoqligi haqidagi gap-so‘zlarni eshitib, qo‘lida bir necha tosh ko‘tarib kelmaganida, bu fikrida qat’iy turgan bo‘lardi. Uqba uning oldiga kelganida Umayya qavmi bilan o‘tirardi. Uqba qo‘lidagi toshlarni uning oldiga tashlab:
— “Ey Abu Ali, mana bu toshlar bilan ketingni artib ol, sen ham ojiza ekansan!” — dedi. Umayya esa unga:
— Tangri seni va keltirgan narsangni ezgulikdan yiroq qilsin”, — dedi. So‘ng urushga chiqishdan boshqa iloji qolmay jangchilar safiga qo‘shildi.
Qadarning qandayin sir-asrorlari bor-a! Uqba ibn Abu Muoyt do‘sti Umayyani Bilol va u kabi ojiz musulmonlarni azoblashga eng ko‘p gijgijlagan kishi edi. Bugun esa, halokati kutib turgan Badr g‘azotiga chiqishga ham Uqbaning o‘zi undayapti. Uqbaning o‘zi ham Badrda o‘lim topishiga nima deysiz? Agar do‘sti kinoyali ta’na-malomatlar qilmaganida Umayya bu harbda qatnashishdan o‘zini tiyganlar qatorida bo‘lardi.
Lekin Alloh amrini oxiriga yetkazuvchidir. Umayyani urushga chiqardi. Axir, u bilan Alloh bandalaridan birining eski hisob-kitobi bor. Masalani bir yoqli qilish onlari yaqin edi. Day-yon (hisob-kitob qiluvchi — Alloh) o‘lmaydi. Qilmishingga yarasha albatta jazoingni olasan!
Darhaqiqat, qadar berahmlarni masxaralashni o‘rniga qo‘ygan, mo‘minlarni azoblashga tezlagan Uqbaning o‘zi Umayyani o‘limga ham haydab borgan edi. Yana bu o‘lim kimning qo‘li bilan amalga oshirildi deng? Bilolning, habashiy Bilolning qo‘li bilan! Bir paytlar Umayya osgan zanjirlar ezib tashlagan, xojaning kaltak-azoblari og‘ritgan qo‘llar bilan! Ana shu qo‘llar endi Badr g‘azotida, qadar vaqtini qo-yillatib belgilagan fursatda mo‘minlarni shaf-qatsizlarcha va qahr-g‘azab bilan xorlagan Quraysh jallodi bilan uchrashib turardi!



 
shaddotDate: Dushanba, 11-Yan-2010, 22:34 | Message # 5
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Ikki guruh o‘rtasida jang qizib turgan paytda musulmonlar tarafidagi ma’rakaning bir tomoni: “Ahad!.. Ahad!..” shiori bilan chayqalardi. Umayyaning yuragi qinidan chiqib ketay derdi. Kechagina bir qul qiynoq va tahdid ostida takrorlagan ushbu so‘z bugun butun bir dinning, yangi bir ummatning shioriga aylanib ulgurgan edi!
Shunchalik shiddat, shuncha katta tezlik bilan-a?! Musulmon jangchilar guruhi Umayya bilan uning quraysh tomonida jang qilayotgan o‘g‘lini o‘rab olishdi. Ularni hech kim, hech narsa, hatto olomon maydalab tashlagan sovutlari ham himoya qilolmadi.
Bilol Umayyaning qilichlar tig‘i ostida yiqilgan jasadiga uzoq tikilib turdi. So‘ng shitob bilan undan yuz burib, bor ovozi bilan:
— “Ahad!.. Ahad!..”, — deya hayqirdi...

* * *
Oylar, yillar o‘tdi...
Makka fath bo‘ldi...
Rasululloh (s.a.v.) o‘nminglarcha musulmonlar bilan shukr qilgan va takbir aytgan holda shaharga kirib keldilar. Lashkarga bosh bo‘lib Ka’ba sari yurdilar. Bu muqaddas makonni quraysh mushriklari yil kunlarining adadicha but-sanamlarga to‘ldirib tashlagan edi.
Haq keldi. Botil ketdi.
Shu kundan boshlab Uzzo ham, Lot ham, Hubal ham yo‘q. Bugundan keyin inson boshini tosh va butlarga egmaydi. Odamlar endi butun vujudlari bilan Vohidul-Ahad, Kabirul-Mutaal, o‘xshashi, tengi yo‘q zot — Allohgagina ibodat qilishadi!
Rasululloh (s.a.v.) yonlariga Bilolni olib Ka’baga kirdilar. Kiraverishdayoq cho‘plar bilan fol ko‘rayotgan Ibrohim, alayhissalom, timsolidagi haykalga yo‘liqishdi. Rasululloh (s.a.v.) g‘azablanib shunday dedilar:
“Alloh ularni yakson etsin! Shayximiz cho‘plar bilan fol ko‘rmas edilar... Ibrohim (alayhissalom) yahudiy ham, nasroniy ham bo‘lmaganlar, balki hanif musulmonlardan edilar. Va mushriklardan ham emasdilar!
So‘ng Bilolga masjid ustiga chiqib, azon aytmoqni buyurdilar. Bilol azon aytdilar. Zamon, makon va munosabat qandayin go‘zal! Makkadagi hayot harakatdan to‘xtadi. Minglarcha musulmon sokin nasim kabi Bilol ortidan azon kalimalarini xushu’ bilan pichirlagancha takrorlab turdi.
Mushriklar uylarida turib, sira ishonolmayotgan edilar: “Kechagina bu diyordan quvilgan Muhammad va uning kambag‘al do‘stlarimi shular? U bilan o‘nminglab musulmonlarning birga kelishgani ham haqiqatmi? Bizlar quvib solgan, qarshi urushgan, eng suyumli va yaqin kishilarini o‘ldirgan odamlar nahotki shular bo‘lsa?! Erkimiz qo‘lida bo‘lib qolganida esa: “Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!” deya olgan kishi ham shu — Muhammad ekani haqiqatmi?”
Quraysh ulug‘laridan uch kishi Ka’ba hovlisida o‘tirardi. Bilolning oyoqlari bilan sanamlarni toptashi va azon aytib, bahorning muattar bo‘yi kabi ovozini Makka ufqlariga baralla qo‘yib yuborishi ularni yondirardi.



 
shaddotDate: Dushanba, 11-Yan-2010, 22:34 | Message # 6
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
* * *
Bilol juda ko‘p voqea-hodisalarga guvoh bo‘lib yashadi. Namozga azon aytib, o‘zini zulmatdan nurga, qullikdan hurlikka chiqargan buyuk dinning marosimlarini ado etib, himoya qilib, Allohning Rasuli (s.a.v.) bilan birga yashadi.
Islomning sha’ni yuksaldi. U bilan birga musulmonlarning ham mavqe-martabalari ko‘tarildi. Har bir o‘tgan kun Bilolning Rasululloh (s.a.v.) qalblariga yaqinligini shu qadar ziyodalashtirdiki, uni “jannat ahlidan bo‘lgan kishi” deb tavsifladilar. Lekin Bilol odatdagiday kamtar, sertavoze’ holida qoldi. U o‘zini “kechagina qul bo‘lgan kishi” deb hisoblardi.
Bir kuni o‘zi va inisiga sovchi bo‘lib ikki ayolnikiga bordi va ularning otasiga shunday dedi:
— Men Bilolman, bu esa inim, habashlik bo‘lgan ikki qulmiz. Zalolatda edik, Alloh hidoyat qildi. Qullar edik, Alloh ozod qildi. Agar qizlaringizni bersangiz, Allohga hamdlar bo‘lsin! Agar xohlamasangiz, Alloh ulug‘dir!..



 
shaddotDate: Dushanba, 11-Yan-2010, 22:35 | Message # 7
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
* * *
Rasululloh (s.a.v.) rozi holda va rozi bo‘lingan holatda Rafiqul A’loga rihlat qildilar. Keyin musulmonlarning ishiga Abu Bakr Siddiq bosh bo‘ldi.
Bilol Rasulullohning (s.a.v.) xalifalari huzuriga borib:
— Ey Rasulning xalifasi, men Rasulullohning: “Mo‘min amalining afzali Alloh yo‘lidagi jihoddir”, deganlarini eshitganman», dedi. Abu Bakr:
— Nima xohlaysan, ey Bilol? — deb so‘radi. Bilol:
— To o‘lgunimcha Alloh yo‘liga aloqadorlikni istayman — deb javob qildi. Abu Bakr Siddiq so‘radi:
— Unda bizga azonni kim aytadi?
Bilol ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib, javob qildi:
— Men Rasulullohdan keyin hech kimga azon aytmayman!
Abu Bakr:
— Qolib, bizga azon aytib turgin, ey Bilol, — deya iltimos qildi. Shunda Bilol aytdi:
— Agar meni o‘z nafsing uchun ozod qilgan bo‘lsang, sen istagandek bo‘laqolsin. Agar Alloh uchun ozod etgan bo‘lsang, unda men va Uning uchun ozod qilingan Zot o‘rtasidagi ishga aralashma!
Abu Bakr Siddiq (r.a.) javob qildi:
— Seni Alloh uchun ozod qilganman, ey Bilol!
Bilol qolgan umrini Islom chegaralarida o‘rnashib o‘tkazdi. Alloh va Rasuliga yo‘liqquniga qadar Alloh va Payg‘ambarimiz yaxshi ko‘radigan amallarda g‘ayrat ko‘rsatdi.
Uning kuchli, o‘tkir va g‘amnok ovozi azon aytib boshqa yangramadi. Sababi shuki, u azon aytarkan: “Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh” jumlasiga kelganida xotiralardan qiynalib, ovozi bo‘g‘ilib qolar, kalima va iboralarga qo‘shilib ko‘zlaridan yosh jalasi quyilaverar edi.
Bilol so‘nggi marta Hazrati Umar (r.a.) Shomni ziyorat qilgan kunlari azon aytdi. Musulmonlar Bilolni bir martagina namozlariga azon aytib berishiga ko‘ndirish uchun mo‘minlar amirini vasila qilishdi. Hazrati Umar Bilolni yoniga chorladi. Namoz vaqti kirganida undan azon aytib berishini iltimos qildi.
Bilol mezanaga ko‘tarildi va azon aytdi... U azon aytar ekan, Rasulullohni (s.a.v.) ko‘rgan sahobalar yig‘lab yuborishdi. Yig‘laganlarida ham oldin hech qachon ko‘rilmaganidek qattiq ko‘zyosh to‘kishdi. Eng qattiq yig‘lagan Hazrati Umar bo‘ldi...

* * *
Hazrati Bilol xohlaganidek, o‘zini Alloh yo‘liga bag‘ishlab, Shomda vafot etdi. Bugun Damashq zaminida aqida va imon tarafida sabr va jasorat bilan turib berishda bashar erlarining eng ulug‘laridan bo‘lgan kishining jasadi yotibdi...

Arabchadan Mubashshir AHMAD tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi



 
JamilaDate: Seshanba, 12-Yan-2010, 23:15 | Message # 8
Group: Ishonchli
Messages: 460
Status:
Assalomu Alaykum Wa Rahmatullohu Wa Barakatuhu!

Alloh rozi bo'lsin!



 
OSIYODate: Chorshanba, 25-Yan-2012, 09:24 | Message # 9
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:
Azon


 
  • Page 1 of 1
  • 1
Search: