• Page 1 of 1
  • 1
Archive - read only
Forum moderator: MASTER, DURDON, SAKINA  
Daftar hoshiyasidagi bitiklar
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:25 | Message # 1
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:27 | Message # 2
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:


Aziz o’quvchim! Bu kitobchani qariyb qirq yil yozdim. Bular mening Kuzatuvlarim.
O’ylarim… bir qadar armonli, bir qadar istehzoli, bir qadar tabassumli. Xulosalarim...
aslida, ularning har birini alohida asar qilsa ham bo’lardi-ku... mayli... Men bularni uzoq
o’ylab yozganman. Iltimos, Siz ham kitobni shoshilmasdan, o’ylab o’qisangiz...

O'tkir Hoshimov
 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:30 | Message # 3
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:

Tabiat. Jamiyat. Inson.

“Tabiat gultoji”


Kiyik och qolmaslik uchun ko’kat yeydi. Ammo bir-birini o’ldirmaydi. Sher och qolmaslik
uchun kiyikni yeydi. Ammo bir-birini o’ldirmaydi. Odam ko’katni ham yeydi. Kiyikni ham
yeydi. Ko’ngil hushi uchun sherni ham o’ldiradi… Keyin.. urush qilib, bir-birining boshini
yeydi…


Darvinga e’tiroz

Darvin ta’limoti noto’g’ri. Odam maymundan emas, maymun odamdan tarqagan. Oyog’i
yerdan uzilmaganlar odam bo’lib qolgan. Oyog’i yerdan uzilganlar esa maymun bo’lib
daraxtga chiqib ketgan… Bu jarayon hamon davom etmoqda…


 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:34 | Message # 4
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Eng aqlli jonivor

Dunyoda eng aqlli jonivor-baliq! Birinchidan, soqov. Ikkinchidan, muttasil dumini
likillatadi!


Haqiqat

Shu qadar shirinki, totib ko’rging keladi. Shu qadar achchiqki, tilingni kuydiradi!

Qaldirg’och

E’tibor berganmisiz: qaldirg’ochlar fayzsiz, noahil xonadonga hech qachon in qurmaydi.
Goho qaldirg’och odamdan aqlliroqmikin, deb o’ylab qolaman.


Atlantika okeani ustida

Tepada bir ummon, pastda bir ummon,
Ikki dengiz aro kechar lahzalar.
Xayolga tolaman: men o’zi kimman?
Ojiz va notavon zarra… alhazar
!

Oshkoralik

Oshkoralik shunday daraxtki, uning mevasini eng avval chinqiroq maymunlar yeydi.

Xavfli odam

Yaxshigayam, yomongayam birdek yaxshi ko’rinishga urinadigan odam eng xavfli
odamdir!

 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:39 | Message # 5
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Inson va shayton

Ba’zilarga hayron qolasiz. Qilg’ilikni qilib qo’yadi-da, “bilmay qoldim, shayton
yo’ldanurdi”, deydi... To’g’ri, odamzot qonida shayton vasvasasi aylanib yurishi-bor gap.
Ammo.. Shunaqangi erkaklar borki, qirqta urg’ochi shaytonni bolalatib tashlaydi.
Shunaqangi ayollar borki, qirqta erkak shaytonni aliment to’laydigan qilib qo’yadi...
Hamma aybni shayton sho’rlikka to’nkayvermang!


Ayol qalbi

Ayol qalbi teskari magnitga o’xshaydi: yaqinlashsang uzoqlashadi, uzoqlashsang yaqinlashadi.

Hushyor bo’ling

Ayol sizni juda qattiq sevsa, hushyor bo’ling. Otashin muhabbat-rashkka, rashk-
shubhaga, shubha-xudbinlikka, xudbinlik-dushmanlikka aylanishi mumkin.

Go’dak isi

Ayol go’dak isini birinchi farzandi tug’ilganidayoq his etadi. Erkak esa go’dak isi
nimaligini nevarali bo’lganidan keyin anglaydi!... Biz-erkaklar doim kechikib yuramiz…


Otalar va bolalar

U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. To’rt qiz, uch o’g’ilni oyoqqa turg’azdi.
O’g’illarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi.
Ko’z yumayotganida “hammalaringdan mingdan-ming roziman”, dedi...
Qarashsa, kafanligi yo’q ekan…


 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:43 | Message # 6
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Gumroh bandalar

Odamlarga hayronsan. Ota-onasi tirikligida ikki og’iz shirin so’zni tekinga aytmaydi-da,
ular o’lganidan keyin ming-ming pul sarflab, o’sha so’zlarni qabrtoshga yozdirib
qo’yadi...

Kulgi va yig’i

Kulishni bilmaydigan odam-baxtsiz odam. Yig’lashni bilmaydigan odam esa ikki hissa
baxtsiz!

Asl aynimas

Sopol tovog’ing sinsa, dod sol: kesakka aylanadi. Tilla idishing sinsa, parvo qilma:
bahosi tushmaydi!


Yuk ko’targan...

“Yuk ko’targan odam yuzaga chiqadi”, deydilar... Chiqadi. Albatta chiqadi! Faqat yuk
ko’targanni ko’tarib yuboradigan Qo’l bo’lsa bas!


Baxtli va baxtsiz

Baxtli odam xudbin bo’ladi: baxtsizlarga achinmaydi. Baxtsiz odam ham xudbin bo’ladi:
baxtlilarga g’ayirligi keladi.

Da’vo

Donolik bilan nodonlik shu qadar yaqinki, odam donolikni qancha ko’p da’vo qilsa,
shuncha nodon bo’ladi!

 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:46 | Message # 7
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
“Bilimdon”

“ Ayol qavmini ipidan ignasigacha bilaman”, deysizmi? O-o-o, siz daho ekansiz!
Aytingchi, sharqdan sekundiga besh-yetti metr tezlikda esayotgan shamol o’n daqiqadan
keyin shimolga buriladimi, janubgami? Yarim soatdan keyin izg’iringa aylanadimi,
bo’rongami?...


Xudoning qudrati

Tabiat shunaqangi qudratliki, hohlasa, gulshanning qoq o’rtasida sassiq alaf o’stiradi.
Hohlasa, botqoqning qoq o’rtasida nilufarni gullatib qo’yadi...


Laylak

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola g’or edi, bola go’dak edi... Kunlarning birida onabola
qishloqqa uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo’lishdi. Ona qaddini g’oz tutib, teztez
yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi.
Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni
ko’rib angrayib qoldi: chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida supradek kattakon uya
qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’i, tumshug’i uzun bir qush turar edi.
Bola mo’jiza ko’rgandek taqqa to’xtab qoldi.
- Anavi nima, oyi? - dedi o’sha tomondan ko’z uzmay.
- Laylak, o’g’lim, laylak!- ona o’g’lining boshini silab qo’ydi.
- Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U
yana to’xtab qoldi.
- Nima u, oyi? - dedi tag’in chinor uchiga ko’z tikib.
- Laylak, o’g’lim, laylak.
- Nimaga bir oyoqda turibdi?
Ona kuldi:
- Bir oyog’i charchagandir-da. Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bo’ynini cho’zib
tumshug’ini osmonga qaratib silkitar, shunda “tarak-tarak” degan ovoz eshitilardi.
Bola tag’in to’xtab qoldi.
- Nima o’zi u, oyi?
Uning ko’zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi
bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak.
- Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib, o’g’lining yuzidan o’pdi.
- senga salom beryapti-da.
Ona yosh edi. Ona navjuvon edi.
... Oradan o’ttiz besh yil o’tdi. Bola yigit bo’ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog’idan mador,
ko’zidan nur ketdi.
Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o’sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g’oz
tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og’ir-og’ir ko’tarib bosgancha
harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni
qarangki, chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib
ko’rinar, uyada esa oyog’i, tumshug’i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo’ydiyu
qadamini tezlatdi.
Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko’zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib
turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko’ziga g’alati ko’rindi.
- Anavi nima, o’g’lim? – dedi to’xtab.
-Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to’rt qadam yurib yana to’xtab qoldi. Savatdek narsa ichida
bir nima oqarib ko’rinyapti. Qiziq...
-Nima, o’g’lim? – dedi ko’zlarini pirpiratib. O’gil taqqa to’xtadi. G’ashi keldi. O’zi shoshib
turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo’lib qolarkan-da!
-Laylak! -dedi jerkib.
-Laylak deyapman-ku, karmisiz!
Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron.
Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning yumushi ko’p. hali shaharga
qaytishi kerak… Uning g’or, go’dak bolalari bor…

 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:48 | Message # 8
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Tarix “xatosi”

To’qqizinchi asr. Muhammad al- Xorazmiy algebra faniga asos soldi.
O’ninchi asr. Abu Nasr Forobiy Aristotelning “Metafizika” asariga ehg mukammal sharh
yozib, “ikkinchi ustoz” unvonini oldi.
On birinchi asr. Abu Rayhon Beruniy Yer bilan Oy o’rtasidagi masofani o’lchadi. Ibn Sino
medetsina Qomusi- “Tib qonunlari” ni yaratdi.
O’n to’rtinchi asr. Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli
ilm boshini silab, o’lmas obidalar yaratdi.
O’n beshinchi asr. Ulug’bek 1019 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy
o’lmas “Xamsa” sini yozdi.
O’n oltinchi asr. “Boburnoma” olamga tarqaldi.
O’n yettinchi asr. Shoh- Jahon dunyodagi yeti mo’jizaning biri- “Tojmahal” ni bunyod
etdi.
Yigirmanchi asr. O’zbek-sovet olimlari misli ko’rilmagan “ixtiro” qildilar: tarix “xato” sini
tuzatib, o’tmishda biz yoppasiga “savodsiz” bo’lganimizni isbotlab berdilar…


Umr

Tanishdilar…
Sevishdilar…
Turmush qurdilar…
Farzand ko’rdilar…
To’ng’ichi nimjonroq edi. Kasal bo’lib, ko’p kuydirdi…
O’rtanchasi o’yinqaroq edi… Qamalib chiqdi…
Kenjasi qiz edi… Erkaroq o’sdi. Turmushi buzildi…
Bir kuni erkak kechasi uyg’onib ketdi. Uzoq o’y o’ylab yotdi. Qarasa, ayoli ham uyg’oq
ekan.
- Onasi,- dedi. - - Dunyoga kelib nima ko’rdik o’zi?
- Bilmasam, - dedi ayoli xo’rsinib…
..Bobotoqqa borganimda qurib qolgan ikkita daraxtni ko’rgandim. Ikkalasi bir-biriga
suyanib turardi...

 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:50 | Message # 9
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Kuchsizniki-kuchli

Kuchli odamning g’azabidan qo’rqmang. Ojiznikidan qo’rqing! Kuchli to’ksa, o’z g’azabini
to’kadi. Ojiz esa o’z g’azabi bilanbirga o’zgalardan ko’rgan sitamini ham qo’shib
sochadi...

Tarnov

Erta bahor edi. Hordiq kuni edi. Kech turdim. Hovliga tushsam, havoning avzoyi buzuq.
Yuvunib chiqib qarasam, tunuka tom peshidagi tarnov bir tomonga qiyshayib yotibdi.
Qishda yoqqan qor zalvoridan qiyshayib qolgan shekilli… Qatiqroq shamol bo’lsa, tushib
ketadigan…
Yo’lakda yotgan narvonni ko’tarib kelib tomga tiraguncha tinkam quridi, zax tortib,
zildek bo’p ketibdi.
Narvon zinasiga oyoq qo’yishim bilan ayvondan onam tushib keldi.
- Nima qilmoqchisan?- dedi ko’zimga termulib.
- Hozir,- dedim beparvo qo’l siltab.- Tarnov qiyshayib qopti.
- Shoshma, bolam, avval choyingni ichib ol...
- Hozir tushaman.
Shunday dedim-u narvonga tirmashdim. Tomga chiqishim bilan pastdan onamning
xavotirli xitobi eshitildi:
- Ehtiyot bo’l, tom labiga borma!
- Uyga kirsangiz-chi! – dedim og’rinib.
Tunuka tomni taraq-turuq bosib, qiyshaygan tarnov oldiga keldim. Uvallo urinaman,
tarnov la’nati o’nglansa qani! Zanglab ketganmi, bo’yo’g’i yopishib qolganmi...
Aksiga olib, yomg’ir shivilay boshladi. Avvaliga tomchilab turdi-da, keyin shiddat bilan
yog’ib ketdi. Tom labida o’tirgancha, tarnovini qo’shqo’llab surishga urindim. Qilt
etmaydi!
Pastdan yana onamning ovozi keldi:
- Menga qara, bolam.
Narvon oldiga qaytib keldim.
- Nima deysiz?
- Jon bolam, mana buni kiyib olgin...
Qarasam, onam bir qo’li bilan narvonni changallagancha, ikkinchi qo’lidato’n ushlab
turibdi. Yupqa ro’moli, nimchasi ho’l bo’lib ketgan...
Xunobim oshdi.
- Hozir tushaman, dedim-ku! Men yosh bolamanmi?
- Shamollab qolasan!
- Obbo! Siz uyga kiravering! Hozir tushaman.
Shunday deb, tag’in tarnov oldiga qaytdim. Jahl bilan tarnovni mushtlay boshladim.
Bir mahal pastdan yana ovoz keldi:
- Ada! Adajon!
- Ha! – dedim battar xunob bo’lib.
- Varragim yirtildi!
Qarasam, yetti yashar o’glim hovli o’rtasida turibdi. Oyog’i ostida yirtilib, qamishlari
qovurg’adek turtib chiqqan varrak loyga qo’rishib yotibdi. O’zi ko’ylakchan. Boshyalang.
Yomg’ir ostida diydirab turibdi.
-uyga kir, Farruh!- dedim baqirib.- Uyga kir, shamollab qolasan!
Quloq solsa qani! Goh varragiga, goh menga qaraydi. Kapalagim uchib ketdi! Tomda
sirg’alibsirg’alib, narvon tomon yugurdim.
Uch-to’rt pillapoya tushib qarasam, onam hamon narvon oyog’ini changallab turibdi.
Ro’moli jiqqa ho’l bo’lib, sochlariga yopishib qolgan…
Bir qo’li Narvon oyog’ida. Bir qo’lida to’n…

 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:52 | Message # 10
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Inson

Inson shu qadar buyukki, uning fazilatlarini o’lchash- dunyodagi eng baland tog’ning eng
baland cho’qqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Inson shu qadar tubanki, uning
illatlarini o’lchash- dunyodagieng baland tog’ning eng baland cho’qqisidan emaklab
tushish zahmati bilan teng.


“Otchopar” da

“Otchopar” bozorida eski do’stimni uchratib qoldim. Matematik... Olim... Sigaret sotib
o’tirgan ekan... Meni ko’rib ko’zini yashirdi. Men ham burilib ketdim… Ikkalamiz birbirimizdan
nega uyalganimizni bilmayman. Negadir.. yig’lagim keldi…


Farishtalar

Xonadoningizda keksa odam bormi? Baxtli ekansiz! Dunyo tashvishlaridan to’yib
ketsangiz shularni ziyorat qiling: hayot abadiy emasligini o’ylab, taskin topasiz.
Xonadoningizda go’dak bormi? Siz ham baxtli ekansiz... dunyo tashvishlaridanto’yib
ketsangiz, go’dakni bag’ringizga bosing: hayot abadiy ekanini o’ylab, taskin topasiz...


Eng oliy tuyg’u

Eng toza tuyg’u nima?
Birinchi maoshingizni keltirib berib, otangizning duosini olganingizmi?
Birinchi marta sovg’a keltirib berganingizda onangizning ko’zida qalqigan yoshmi?
Birinchi bo’sami?
To’y kechasidagi hayajonlarmi?
Nogahon ko’z yumgan onangizning qabrini silab yig’laganingizmi?
To’ng’ich farzandingizni ilk bor maktabga yetaklab borganingizmi?
Hammasi… hammasi pokiza tuyg’ular… Ammo…
Bola emizib o’tirgan ayolga zimdan razm soling... go’dagiga termulib bola emizayotgan
onaning ko’zlariga sinchikla-a-a-b tikiling...
Eng oily tuyg’u nimaligini shunda ko’rasiz!

 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:55 | Message # 11
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Rost va yolg’on

Haqiqatdan qo’rqqan odam yolg’onning panasiga berkinadi.

Xom sut emgan banda

Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog’lik. Tinchlik.


Gunohi - azim

Do’stni ho’rlash-gunoh. Umr yo’ldoshini ho’rlash- yuz hissa gunoh. Ota-onani ho’rlash-
ming hissa gunoh. Go’dakni ho’rlash- cheksiz gunoh.


Qismat

Inson hayoti shatranj taxtasidagi piyodaning yurishiga o’xshaydi. Goh oq katakdan
o’tadi, goh qora katakdan… farqi shuki, birovning qismatida oq kataklar ko’proq bo’ladi,
birovnikida- qora kataklar…


Oftob

Yaxshiyamki Xudo oftobni bag’rikeng qilib yaratgan. Bo’lmasa yer yuzidagi odamlarning
illatlarini har kuni ko’raverib, allaqachon so’nib qolgan bo’larmidi…

Orol va qit’a

Insoniyat orol emas, qit’a bo’lib yashashni o’rgansa, ko’p balolarning oldi olingan
bo’lardi.


Baho

Odam bolasi elektr simi emaski, birini musbat, birini manfiy desang…
 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 12:59 | Message # 12
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
Hayot falsafasi

Munkillab qolgan ammam bo’lardi. O’ta xudojo’y kampir edi. Bolaligimda oldiga o’tkazib
qo’yib, bir gapni ko’p aytardi.
- U quloq, bu qulog’ing bilan ham eshitib ol, bolam. Odamning u yelkasida ham, bu
yelkasida ham bittadan farishta o’tiradi. O’ng yelkangdagi farishta umr bo’yi qilgan
savob ishlaringni, chap yelkangdagisi gunohlaringni hisoblab boradi. U dunyoga
borganingda hisob-kitob qilib ko’rishadi. Savobing ortiq bo’lsa, jannatga, gunohing ortiq
bo’lsa, do’zaxga tushasan…
Savodsiz kampirning sodda falsafasida qanchalik chuqur ma’no borligini endi
tushunyapman.


Mo’tabar zot

Ayol kishiga avvalo Ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi.

Tosh va qum

Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga
aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Do’stlik ham shunga o’xshaydi.


Bosh aybdor

Turmush sinovlariga biz-kattalar dosh berolmasak, bolada nima gunoh? Nega bizning
aybimiz uchun go’daklar yetim qolib, aziyat chekishi kerak?


Donishmand

Nar lochin yemish topib kelarkan. Moda lochin o’ljani polaponlariga bo’lashib berarkan.
Biron falokat bo’lib, moda lochin o’lib qolsa, nar lochin har qancha yemish topib
keltirmasin, baribir, polaponlar ochidan nobud bo’lar ekan. Negaki, nar lochin o’ljani
bolalariga burdalab berishni eplolmas ekan…
Tabiat naqadar beshafqat, tabiat naqadar dono!


 
SAKINADate: Yakshanba, 26-May-2013, 13:01 | Message # 13
Peshqadam
Group: IJODKOR
Messages: 2592
Status:
To’la va chala

Yarim haqiqat chin bilan yolg’onning o’rtasida turadi, degan odam yanglishadi. Yarim
haqiqat hamisha chindan ko’ra yolg’onga yaqinroq turadi.


Zulm

Odamlarni qo’rqib yashashga majbur qiladigan jamiyat- eng omonat jamiyatdir.

Munofiq

Onasini behurmat qilgan odam qo’shni kampirni yaxshi ko’raman desa, ishonmayman.
O’z xalqining tilini, madaniyatini, tarixini hurmat qilmagan odamboshqa
xalqlarningtilini,madaniyatini, tarixini hurmat qilaman, desa ishonmayman.


“O’zbek ishi”

Osmon baravar plan berdilar.
-Bajarasan!-dedilar.
-Bajarolmayman,-dedi.
-Bajarasan!!- dedilar.
- Bajarmayman!!-dedi.
-Qamalasan!!!-dedilar.
Bajardi… Bola-chaqasi ko’p edi…
Orden berdilar... Planni oshirib bajargani uchun...
Keyin… qamadilar… Qo’shib yozgani uchun… Bola-chaqasi ko’p edi…


 
  • Page 1 of 1
  • 1
Search: